Yangiliklar

26 Sentyabr 2025

Yosh xodimlar oʻrtasida "Zakovat" bellashuvi oʻtkazildi

Namangan viloyati Davlatobod tumanida joylashgan "Yangi Oʻzbekiston yoshlar ziyo maskanining" iliq va zamonaviy muhitida Qoʻriqlash boshqarmasi hamda shahar-tuman Qoʻriqlash boʻlimlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar oʻrtasida "Zakovat" intellektual oʻyini boʻlib oʻtdi.

Ushbu bellashuvning asosiy maqsadi – yosh xodimlarning bilimi, ziyrakligi va jamoaviy hamkorlik qobiliyatlarini sinovdan oʻtkazish, ularda intellektual va maʼnaviy kamolotga boʻlgan intilishni kuchaytirishdan iborat boʻldi.

Tadbirda ishtirok etgan jamoalar turli fanlar, tarix, huquq, umumiy madaniyat hamda zamonaviy yangiliklar boʻyicha berilgan savollarga javob berish orqali oʻz bilimi va zehnini namoyon etdilar. Intellektual bellashuv qizgʻin va murosasiz ruhda oʻtdi. Har bir jamoa gʻoliblik uchun bor bilim va tajribasini ishga soldi.

Bunday tadbirlar yosh xodimlarning maʼnaviy va intellektual salohiyatini oshirish, doʻstona muhitni mustahkamlash hamda ularni maʼnaviy ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.