Yangiliklar

10 Avgust 2023

KUCH MAS’ULIYAT VA IRODANING SHAKLLANISHIDA SPORTNING O‘RNI MUHIM

Jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda sportning alohida o‘rni bor. Bu borada ayniqsa xavfsizlikka, tinchlikka mas’ul xodimlar yetakchilikni qo‘ldan bermay kelishmoqda. Ularning turli sport turnirlarida erishayotgan yuqori natijalari so‘zimizga yaqqol isbot bo‘la oladi. Zero, qudratli armiya tinch va osoyishta hayotimiz kafolatidir.

Harbiy xizmatchi va xodimlarni sportga yanada keng jalb etish va ularning jismoniy tayyorgarlik holatlarini yaxshilash maqsadida Qashqadaryo viloyati Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchi va xodimlari, hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari o‘rtasida "Dinamo" birinchiligi uchun musobaqa o‘tkazildi.

Bellashuvlar boshlanishidan avval qatnashuvchilarga malakali murabbiy tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Shundan so‘ng bellashuvlarga start berildi. Musobaqa yorqin sport lahzalari, halol raqobat va shaxsiy g‘alabalarga boy bo‘ldi. Mashg‘ulotlar davomida o‘z merganliklarini namoyon etgan soha vakillari munosib e’tirof etildi.

Murosasiz kechgan bahslarda eng mohir merganlar aniqlandi va g‘oliblar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Ko‘ringanidan ko‘ra ancha ko‘p kuch va diqqat talab qiladigan sport turlaridan biri hisoblangan kamondan o‘q otish insonni jismoniy chiniqtirishdan tashqari aqli jihatdan yuksalishiga ham yordam beradi.

O‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish, buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Bobur Mirzo, Jaloliddin Manguberdilardan meros bo‘lib qolgan kamondan otish an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, milliy sport turlarini ko‘paytirish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir.