Respublikamiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostidagi umumxalq xayriya hasharida Milliy gvardiya xodimlari faol ishtirok etishmoqda
Yurtimizga yangilanish va yasharish ayyomi boʻlmish Navroʻzi olam kirib kelmoqda. Mamlakatimizda bayramini munosib nishonlash, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 16-18 mart kunlari “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari boʻlib oʻtmoqda.
Mazkur umumxalq xayriya hasharida Milliy gvardiya "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari erta tongdan koʻngilli ravishda faol ishtirok etishyapti. Jumladan, respublikamiz boʻylab "Qoʻriqlash" boshqarma hamda boʻlimlari hududlari tozalanib, koʻcha yuzlari obodonlashtirilmoqda, mahallalardagi manzarali va mevali daraxtlar oqlanib, gullar begona oʻtlardan tozalanmoqda. Milliy gvardiya bogʻlarida ekilgan daraxtlar tuproqlari yumshatilib, ostiga suvlar quyilmoqda. Bundan tashqari aholi turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, mo‘tabar maskanlar, bolalar maydonchalari tartibga keltirilishi rejalashtirilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, “Obod va fayzli mahalla – yurt koʻrki” shiori ostida oʻtkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida Milliy gvardiya xalq bilan hamnafas boʻlib, hamjihatlikda vatanimiz obodligi yoʻlida oʻz hissalarini qoʻshishmoqda.