“VATANGA SODIQ YOSHLAR” OʻQUV YIGʻINI OʻTKAZILDI
Xorazm viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi tashabbusi bilan yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida Qoʻshkoʻpir va Shovot tumanlarida “Vatanga sodiq yoshlar” shiori ostida yigʻini oʻtkazildi.
Tumanlardagi 250 nafar otaliqqa olingan, uyushmagan yoshlar ishtirokida Milliy gvardiya Xorazm viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi, hokimiyatlar va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir “Vatan taqdiriga barchamiz birdek masʼulmiz”, “Vatanparvarlikni oʻzimizdan boshlashimiz kerak!” shiorlari ostida bir olam taassurotlarga boy tarzda oʻtdi.
Unda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni harbiy sohaga boʻlgan qiziqishini oshirish uchun tumandagi tegishli tashkilotlar ishtirokida oʻquv yigʻini, davra suhbati va koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi. Sportning kamondan otish turi boʻyicha mahorat darslari va "Qoʻriqlash" boshqarmasining tezkor harakatlanuvchi guruhi xodimlarining faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoshlarda juda katta qiziqish uygʻotdi. Shu bilan birga kitobxonlik tadbirlari va mehnat yarmarkasi yoshlar uchun foydadan xoli boʻlmadi.
Yoshlarni harbiy xizmatga boʻlgan ishtiyoqini oshirish, qalbida yurtga mehr, sadoqat tuygʻularini yanada jonlantirish maqsadida oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar viloyatimiz hududi boʻylab davom etmoqda.