VATAN HIMOYACHILARI KUNIGA BAGʻISHLANGAN “ZAKOVAT” TURNIRI BOʻLIB OʻTDI
Poytaxtimizdagi Zakovat arenada Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 32-yilligi hamda 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan “Zakovat” turniri boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Bojxona qoʻmitalarining harbiy xizmatchi va xodimlari, faxriylar va harbiy taʼlim muassasalarining kursant va oʻquvchilaridan iborat 55 ta jamoa ishtirok etishdi. Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan “Zakovat” turniri Oʻzbekiston Respublikasi Madhiyasi bilan boshlandi. Shundan soʻng oʻyinlarga start berildi. 3 raunddan iborat boʻlgan oʻyin davomida 12 tadan jami 36 ta savol oʻrtaga tashlandi. Aksariyati harbiy sohaga oid maʼlumotlardan tuzilgan savollarga barcha jamoalarning aʼzolari, tez va toʻgʻri javob berishga harakat qilishdi. Milliy gvardiya boʻlinmalaridan ishtirok etgan 14 ta jamoa vakillari ham musobaqada munosib ishtirok etishib, oʻzlari uchun ulkan tajriba toʻplashdi. Sogʻlom raqobat va doʻstona ruhda oʻtgan “Zakovat” turniri barcha ishtirokchilarga Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari va Milliy gvardiya ashula va raqs ansambli xonandalarining vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlari bilan bayramona kayfiyat ulashdi. Shuningdek, tadbir davomida Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari tomonidan saf chiqish koʻrinishlari namoyish etildi.