"YANGI OʻZBEKISTON YOSHLARI, BIRLASHAYLIK!" SHIORI OSTIDA YOSHLAR FESTIVALI OʻTKAZILDI
Yoshlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish hamda Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash kabi maqsadlarni ilgari surgan holda harbiy-vatanparvarlik festivallari, yoshlar sayllari va maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda.
Kuni kecha Andijon viloyatining Marhamat tumanida ham Andijon harbiy prokuraturasi, "Qoʻriqlash" boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari hamda Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qismlar bilan hamkorlikda "Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!" shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni qurolli kuchlar safida xizmat qilishga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, sport turlari orqali ularni sogʻlom turmush tarziga undash hamda boʻsh vaqtlaridan unumli foydalanishlariga qaratilgan mazkur tadbirda yoshlar sport turlari boʻyicha oʻzlarining kuchlari, merganliklari va bilim salohiyatlarini namoyish qildilar. Shuningdek xodimlar tomonidan sahnalashtirilgan koʻrgazmali chiqishlar yigʻilganlarga xush kayfiyat bagʻishladi.
Tadbir soʻngida sport musobaqalarida munosib ishtirok etgan ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalar topshirildi.