“MENING ARMIYAM – MENING FAXRIM” SHIORI OSTIDA NAVBATDAGI VATANPARVARLIK TADBIRI BOʻLIB OʻTDI
Milliy gvardiya Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda Toyloq tumanidagi 1 umumtaʼlim maktabida “Mening armiyam – mening faxrim” shiori ostida navbatdagi vatanparvarlik tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻz olganlar yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, sarhadlarimizning daxlsizligini taʼminlashda milliy armiyamizning tutgan oʻrni xususida toʻxtalib oʻtdi. Ayniqsa, yurtimizda oʻsib kelayotgan yosh avlodni intellektual salohiyatli, bilimli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash bugunning dolzarb vazifasi ekanligi, bu borada yoshlar uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq ekanligi ham alohida taʼkidlandi.
Shundan soʻng, Milliy gvardiya xodimlari yigʻilganlarga xizmat itlari bilan koʻrgazmali chiqishlari hamda harbiy texnika va oʻquv aslahalari koʻrgazmasi, shuningdek kamondan otish sporti boʻyicha olib borilgan mashgʻulotlar barchada katta qiziqish uygʻotdi. Yoshlar uchun tashkil etilgan namoyishlar oʻquvchilarning qalbida kelajakda harbiy boʻlish istagining paydo boʻlishiga xizmat qilgan boʻlsa ajabmas.
Tadbir davomida tashkil etilgan sport musobaqalarida esa yoshlar katta qiziqish bilan ishtirok etishib, sport sohasidagi mahoratlarini yana bir bor sinovdan oʻtkazishi tadbirga yanada shukuh bagʻishladi.
Tadbir soʻngida tashkilotchilar sport oʻyinlarida munosib ishtirok etgan jamoalar va bir guruh faol yoshlarni diplom va sovgʻalar bilan taqdirlashdi.