YOSH GVARDIYACHILAR OʻRTASIDA MUSOBAQALAR BOʻLIB OʻTDI
Mamlakatimizda yoshlarni Vatan ravnaqi, yurt tinchligi gʻoyasi asosida birlashtirish, ularning manfaatlarini himoya qilish, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini shakllantirish, sogʻlom eʼtiqodli, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Ayni shu maqsadda respublikamizning barcha hududlarda Milliy gvardiya tashabbusi bilan umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirokida "Men vatanparvarman" shiori ostida musobaqa va koʻrik-tanlovlar oʻtkazilmoqda.
Jumladan, kuni kecha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy va Namangan viloyatlarida joylashgan maktablarida harbiy-vatanparvarlik sinflari oʻquvchilari oʻrtasida mazkur bellashuvlarning tuman bosqichlari oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar saf hamda tibbiy tayyorgarlik, kamondan otish, turnikda tortilish, harbiy qurolni qismlarga ajratish va yigʻish va shu kabi sport estafeta mashgʻulotlarini bajarib, oʻzaro kuch sinashishdi.
Shuningdek, oʻtkazilgan koʻrik tanlovlar qizgʻin savol va javoblarga, bir biridan chiroyli sahna koʻrinishlariga boy tarzda boʻldi.
Yakunda esa gʻolib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan jamoalarga navbatdagi bosqichlarda qatnashish uchun yoʻllanma berildi.