Yangiliklar

2 Iyun 2025

“Oila – xodim – rahbar samimiy muloqot oyligi” doirasida uchrashuv oʻtkazildi

Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasi shaxsiy tarkibi va ularning ota-onalari ishtirokida “Oila – xodim – rahbar samimiy muloqot oyligi” doirasida bir qator uchrashuvlar rejalashtirilgan boʻlib, shularning biri Mirzo Ulugʻbek tumani Qoʻriqlash boʻlimi shaxsiy tarkibi bilan oʻtkazildi.

Uchrashuv davomida oilaning xodim hayotidagi oʻrni va xizmat faoliyatiga koʻrsatadigan taʼsiri haqida ochiq muloqotlar oʻtkazildi. Xususan, oiladagi ijobiy muhit, ota-onalarning farzandlari faoliyatiga boʻlgan eʼtibori va qoʻllab-quvvatlovi xizmat samaradorligini oshirishda muhim omil ekani taʼkidlandi.

Tadbirda xizmatda fidoyilik koʻrsatib, ijobiy fazilatlari bilan boshqalarga oʻrnak boʻlayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga boshqarma nomidan tashakkurnomalar hamda esdalik sovgʻalari topshirildi. Bu holat ota-onalarda faxr va gʻurur hissini uygʻotdi.

Shuningdek, tadbir yakunida ota-onalarda farzandlarining kundalik xizmat faoliyati qanday tartibda tashkillashtirilgani haqida toʻliq tasavvur hosil qilishlari uchun maxsus koʻrgazmalar tashkil etildi.

Mazkur uchrashuv xizmat va oila oʻrtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish, xodimlarning maʼnaviy ragʻbatini oshirish hamda samimiy muloqot muhitini shakllantirishda muhim qadam boʻldi.