Yangiliklar

19 Sentyabr 2024

“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent shahar "Qoʻriqlash" boshqarmasining Maʼnaviyat-maʼrifat markazi anjumanlar zalida Milliy gvardiya hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida Milliy gvardiya tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.

Uchrashuvda Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari, polkovnik S.Mamayusupov, Yoshlar ishlari Agentligi direktor oʻrinbosari A.Moʻminov, "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik M.Oʻrinboyev, Milliy gvardiya qoʻmondonligi, Jamoat xavfsizligi universiteti, harbiy qism va "Qoʻriqlash" boʻlimlari xodimlari hamda Toshkent shahri va tumanlarining 4-sektorlaridagi 73 ta MFYda istiqomat qiluvchi 150 nafardan ziyod otaliqqa olingan yoshlar ishtirok etdi.

Marosimda soʻzga chiqqanlar tadbir ochiq muloqot shaklida oʻtayotganligiga alohida urgʻu berib, yoshlarning muammolarini oʻrganish, ularni oʻz vaqtida bartaraf etish, asosiysi, yoshlarning jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlishi davlatimizning bosh maqsadlaridan biri ekanligini taʼkidladi.

Shundan soʻng, tadbirning asosiy ishtirokchilari boʻlgan yoshlar bilan samimiy va ochiq suhbat oʻtkazildi. Unda yoshlarning muammolari oʻrganilib, taklif va mulohazalari tinglandi, shuningdek, muammolarni bartaraf etish va takliflarni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, tadbirda masʼullar tomonidan yurtimizda yosh avlodning sogʻlom, maʼnan yetuk inson boʻlib ulgʻayishi, zamonaviy bilimlarni puxta egallashi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardan oqilona foydalanish kelgusida ulkan marralarga erishishga zamin yaratishi alohida taʼkidlandi.

Tadbir doirasida yoshlarni munosib ish topishlari uchun mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda turli yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan oʻttizdan ortiq davlat va xususiy korxona vakillari oʻzlarining boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdi va ishga kirishga qiziqish bildirgan yoshlar bilan mehnat shartnomalarini imzoladilar.

Tadbir doirasida oʻtkazilgan harbiy texnikalar koʻrgazmasi esa, yoshlarda harbiy sohaga boʻlgan qiziqish yuqori ekanligini yana bir bor isbotladi.

Yuqori shukuhda kechgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvining badiiy qismida yangragan Vatanni hamda Vatan himoyasi sharafli burch ekanligini tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar barchaga manzur boʻldi.