Xizmat intizomi masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Ichki ishlar organlarida shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, qonun buzilishi holatlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish maqsadida doimiy ravishda profilaktik tadbirlar va uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Kuni kecha Surxondaryo viloyatining Denov tumanida oʻtkazilgan navbatdagi uchrashuvda viloyat Qoʻriqlash boshqarmasi rahbariyati, Shaxsiy xavfsizlik boʻlimi masʼullari, Shoʻrchi, Oltinsoy, Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlari Qoʻriqlash boʻlimlari xodimlari ishtirok etdilar. Unda Qoʻriqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzgarishlar xususida soʻz yuritilib, boʻlimlarda xizmat intizomini taʼminlash, qonunbuzarliklarning oldini olish, xizmat vazifalarini masʼuliyat bilan bajarish, jamoatchilik bilan muomala madaniyati hamda shaxsiy tarkib oʻrtasidagi ichki munosabatlar muhokama qilindi.
Rahbariyat tomonidan ayrim xodimlarning xizmatda yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklari tahlil qilinib, intizomiy choralar koʻrilgani maʼlum qilindi. Shu bilan birga, oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan bajarayotgan xodimlar ham alohida eʼtirof etildi. Xodimlar avvalo muomala madaniyatiga eʼtibor qaratishlari, belgilangan tartib qoidalar va qonunchilikka qatʼiy rioya etgan holda xizmatni olib borishlari, avtomashina boshqarganda yoʻl harakati qoidalariga amal qilishlari lozimligi taʼkidlandi. KORRUPSIYA holatlariga qarshi kurashish, uning oldini olish har bir xodim uchun birdek tegishli boʻlgan vazifa, masʼuliyat hisoblanishi aytib oʻtildi.
Xodimlar bilan muntazam ravishda profilaktik tarbiyaviy suhbatlar olib borish, ularning oilaviy sharoitlari, muammolarini oʻrganish, huquqiy bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish yuzasidan qoʻriqlash boʻlimlari masʼul ofitserlariga tegishli vazifalar yuklatildi.