Yangiliklar

29 May 2025

Sohadagi bir guruh xodimlarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun navbatdagi tavsiyanomalar topshirish marosimlari boʻlib oʻtdi

Xorazm viloyati Qoʻriqlash boshqarmasida koʻp yillar davomida sidqidildan xizmat qilib, oʻz fidoyiligi, masʼuliyati va yuksak intizomi bilan hamkasblariga oʻrnak boʻlgan bir guruh soha xodimlarining farzandlari oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun navbatdagi tavsiyanomalarni qabul qilib olishdi.

Tavsiyanomalarni topshirish marosimi tantanali ruhda oʻtdi. Unda soha rahbarlari, tajribali xodimlar hamda tavsiyanoma olgan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar fidoyi xizmat egalarining mehnati hamisha yuksak qadrlanishini, ularning farzandlarini qoʻllab-quvvatlash esa kelajak avlodga ishonch bildirish ekanini taʼkidlashdi.
Marosim chogʻida sohaga qoʻshgan munosib hissasi, yuksak fidoyiligi bilan ajralib turgan xodimlar alohida eʼtirof etildi.

Yosh avlodni ilm-maʼrifatga oshno qilish, ularning taʼlim olish jarayonini qoʻllab-quvvatlash, mamlakat taraqqiyoti yoʻlida yetuk mutaxassislar yetishtirishda bunday tashabbuslarning oʻrni beqiyos ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida tavsiyanoma olgan yoshlarga samimiy tilaklar bildirilib, ularning bilim olish yoʻlida yuqori natijalarga erishishlari, ota-onalarining izidan borib, yurtimiz ravnaqiga oʻz hissalarini qoʻshishlari taʼkidlab oʻtildi.