"TOʻMARIS IZDOSHLARI" TANLOVI – JASORAT VA MAHORAT SINOVI
Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasida xizmat qilayotgan xodima ayollar uchun "Toʻmaris izdoshlari" koʻrik-tanlovi viloyat bosqichi tashkil etildi.
Mazkur tanlov xodima ayollarning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishini ragʻbatlantirish, doʻstona aloqalarni mustahkamlash hamda harbiy xizmatchi ayollarda Vatanga mehr-muhabbat va faxr-iftixor tuygʻularini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi. Shu bilan birga, tanlov davomida jismonan baquvvat va maʼnan yetuk nomzodni saralab olish, eng munosib ishtirokchini Respublika bosqichiga yoʻllash koʻzda tutildi.
Tanlov doirasida ishtirokchi xodimalar turli sinovlardan oʻtdilar. Ular milliy libosda oʻzlarini tanishtirish, PM oʻqotar qurolidan aniq moʻljalga oʻq uzish, jismoniy mashqlar, qurolni notoʻliq qismlarga ajratish va tibbiy tayyorgarlik hamda pazandachilik shartlari boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etdilar. Bellashuvlar murosasiz va hayajonli tarzda oʻtdi, har bir ishtirokchi oʻzining shijoati, intellekti va mahoratini namoyon qildi.
Tadbir yakunida gʻolib va sovrindorlar munosib taqdirlanib, eng yuqori natija qayd etgan nomzod respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.