SHAXSIY INTIZOM — VATANPARVARLIK, MASʼULIYAT, SADOQAT DEMAKDIR!
Kuni kecha Surxondaryo viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari hamda ularning oila aʼzolari ishtirokida Milliy gvardiya hamda Termiz harbiy prokuraturasi masʼullari tomonidan uchrashuvlar tashkil etildi.
Unda boʻlinmalarda xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, xodimlar tomonidan oʻtgan davr mobaynida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, bartaraf etish chora-tadbirlari atroflicha muhokama etildi. Shuningdek, uchrashuvda qimor oʻyinlarining salbiy oqibatlari, ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlar tomonidan tarqatilayotgan turli koʻrinishdagi postlar, oʻyinlar, bot orqali ovoz berish kabi yolgʻon xabarlardan ehtiyot boʻlish, bank plastik karta raqamlarini shubhali shaxslarga bermaslik masalalari yuzasidan tegishli maʼlumotlar berib oʻtildi. Tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni oʻynash qonun doirasida taqiqlanganligi, javobgarlik choralari kuchaytirilganligi, tahlillarda oʻynagan fuqarolar bilan bogʻliq noxush holatlar koʻpayotganligi taʼkidlanib, xodimlar ogohlantirildi. KORRUPSIYA holatlariga qarshi kurashish, uning oldini olish har bir xodim uchun birdek tegishli boʻlgan vazifa, masʼuliyat hisoblanishi qayd etildi.
Muloqot davomida har bir xodim oʻziga belgilangan vazifani vijdonan bajarishi, masʼuliyat bilan yondashishi, xizmatda tartib-intizomga rioya etishi ish samaradorligi va sifatining oshishiga xizmat qilishi aytib oʻtildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarning fikr va mulohazalari tinglanib, oʻz xizmat majburiyatlarini namunali bajarib, safdoshlariga oʻrnak boʻlgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga Boshqarma boshligʻining tashakkurnomalari topshirildi.