Yangiliklar

18 Fevral 2026

Xizmat intizomi va qonunbuzarliklar profilaktikasi – doimiy eʼtibor markazida

Shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etish masalalarini yanada mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, faoliyatda qonuniylik tamoyillarini toʻliq taʼminlash, shuningdek, xizmat davomida sodir etilishi mumkin boʻlgan turli koʻngilsiz holatlarning barvaqt oldini olish maqsadida Fargʻona viloyati Qoʻriqlash xizmatida navbatdagi profilaktik tadbir tashkil etildi.

Ushbu tadbirda Qoʻriqlash xizmati rahbariyati hamda shaxsiy tarkib aʼzolari ishtirok etib, xizmat intizomi, ichki tartib qoidalari, xizmat davomida oʻzini tutish madaniyati, qonunchilikka qatʼiy rioya etish, yoʻl harakati qoidalariga rioya qilish, shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash kabi muhim masalalar yuzasidan amaliy tavsiya va koʻrsatmalar berdi.

Taʼkidlash joizki, har bir xodimning faoliyati nafaqat xizmat samaradorligi, balki uning qonunlarga rioya qilishi, shaxsiy masʼuliyati va odob-axloq normalariga qatʼiy amal qilishi bilan ham baholanadi. Shu bois, masʼullar tomonidan xizmat intizomiga putur yetkazuvchi xatti-harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish lozimligi, xizmatda va xizmatdan tashqari vaqtda ham oʻzini tiniq va namunaviy tutish har bir xodimning burchi ekanligi alohida qayd etildi.