SHAXMAT BOʻYICHA MILLIY GVARDIYA BIRINCHILIGI OʻTKAZILDI
Davlatimiz rahbarimizning "Shaxmatni yanada ommalashtirish va rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Guliston shahrida joylashgan Yoshlar markazida Milliy gvardiya hududiy boshqarmalarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchi va xodimlar oʻrtasida mazkur sport boʻyicha Milliy gvardiya birinchiligi oʻtkazildi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar shaxmat sportining rapid yoʻnalishida oʻzaro kuch sinashishdi. Bellashuv qizgʻin va murosasiz bahslarga boy tarzda oʻtib, jarayonlar malakali hakamlar tomonidan adolatli baholab borildi.
Yakunda yakkalik va jamoa bahslarida gʻoliblar aniqlandi. Umumjamoa hisobida III oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Milliy gvardiya boshqarmasi, II oʻrinni "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi, faxrli I oʻrinni Milliy gvardiya harbiy qismi jamoasiga nasib etdi.
Gʻolib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Shuni taʼkidlash joizki, bu kabi musobaqalar harbiy xizmatchi va xodimlarning bilimlarini oshirish bilan bir qatorda, oʻzaro jamoa boʻlib bir maqsad sari harakat qilishlari uchun keng zamin yaratmoqda.