Yangiliklar

30 Mart 2023

"Qo‘riqlash" bosh boshqarmasi kinolog-mutaxassislarining xizmat ko‘pkurashi davom etmoqda

Avval xabar berganimizdek, Jizzax viloyati "Dinamo" dala o‘quv maydonida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi "Qo‘riqlash" bosh boshqarmasi kinolog-mutaxassislarining xizmat ko‘pkurashi bo‘yicha ochiq musobaqalarga start berilgan edi.

Bugun ham ushbu nufuzli musobaqalarning navbatdagi bahslari davom etib, qiziqarli kurashlarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan jami 28 nafar ishtirokchilar 5 kun davomida 6 ta shart bo‘yicha bellashadilar. Kinolog mutaxassislar o‘z xizmat itlari bilan maxsus sinovlardan epchillik, aniqlik va tezkorlik asosida, eng muhimi esa, xatosiz o‘tishga harakat qildilar.

Shartlar bir qarashda juda murakkab emas, biroq umumiy buyruq mashqlarini bajarish, shaxsiy buyumlardan shaxsni qidirib topish, jinoyatchini qo‘lga olish va konvoy qilish, to‘siqlarni yengib o‘tish, iz qidiruv mashqlarini bajarish va xizmat biatloni shartlarida o‘z mahoratlarini sinab ko‘rdilar.