Bugun Toshkent shahridagi "Kinochilar saroyi" zalida Toshkent shahri hududida xizmat qilayotgan "Qoʻriqlash" xizmati xodimlari ishtirokida "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyati, belgilangan vazifalar hamda ularning amaliy ijrosiga qaratilgan chora-tadbirlar muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini takomillashtirish va amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli taʼminlash maqsadida, jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi tasdiqlangan.
Mazkur farmon ijrosini toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish maqsadida Toshkent shahridagi "Kinochilar saroyi" zalida Toshkent shahri hududida xizmat qilayotgan "Qoʻriqlash" xizmati xodimlari ishtirokida "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasining mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Dastlab "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi rahbariyati tomonidan "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi jamiyatimiz taraqqiyotining muhim yoʻnalishlari hisoblangan beshta ustuvor yoʻnalishlariga asoslangan yuzta maqsadning asosiy jihatlariga toʻxtalib oʻtildi. "Xavfsiz va tinchliksevar davlat" tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish" yoʻnalishidagi 11 ta maqsad batafsil tushuntirib berildi.
Shuningdek, spikerlar tomonidan mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish boʻyicha islohotlar, Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, birgalikdagi harakatlarning samaradorligi va muvofiqlashganlik darajasini oshirish masalalari yuzasidan fikr va mulohazalari tinglandi.
Tadbirda "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi Faxriylar kengashi aʼzolari ham ishtirok etib, xodimlarga mazkur strategiyaning jamiyatimizning ijtimoiy, siyosiy hamda tinch hayotiga nechogʻlik zarur ekanligining tub maʼnosini tushunib yetishlari xususida soʻz yuritishdi.
Uchrashuv soʻngida xodimlarning fikr mulohazalari tinglandi, strategiya talablariga muvofiq "Qoʻriqlash" faoliyatini isloh qilishdagi yangi gʻoyalar oʻrtaga tashlandi hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar batafsil javob berishdi.