SAYYOR QABULLAR – MUAMMOLAR YECHIMIGA XIZMAT QILMOQDA
Milliy gvardiya Fargʻona viloyati “Qoʻriqlash” boshqarmasida xizmat qilib kelayotgan xodimlar hamda ularning oila aʼzolari ishtirokida sayyor qabul oʻtkazildi.
Tadbirga Fargʻona harbiy prokuraturasi, “Qoʻriqlash” boshqarmasi rahbariyati, viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Bandlik va mehnatga koʻmaklashish markazi, “Ishga marhamat” monomarkazi mutaxassislari, Maktab va maktabgacha taʼlim boshqarmasi hamda bir qator mutasaddi tashkilot vakillari taklif etildi.
Tadbirda dastlab, mamlakatimizda Qurolli kuchlar tizimida olib borilayotgan islohotlar, xodimlar faoliyatida yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar xususida soʻz yuritildi. Shundan soʻng muntazam ravishda oʻtkazilib kelinayotgan bu kabi sayyor qabullar, xodimlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda duch kelgan muammolarini ijobiy hal etishda, masalalarni joyida bartaraf qilishda muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi. Shuningdek har bir ishtirokchilarning murojaatlari, takliflari tinglandi. Bu jarayonda xodimlar tomonidan, uy-joy, ishga joylashish, oila aʼzolarini bandligini taʼminlash, farzandlarini bogʻchalar va maktablarga joylash, mehnat qonunchiligi masalalari, ish joylarini oʻzgartirish hamda boshqa ijtimoiy masalalar oʻrtaga tashlandi. Har bir murojaat yuzasidan atroflicha yechim izlanib, tegishli huquqiy maslahatlar berildi.
Kelib tushgan 21 ta murojaatlarning 10 tasi shu joyning oʻzida ijobiy hal qilingan boʻlsa, 11 tasi boʻyicha tushuntirish berildi. Barcha masalalar, bildirilgan fikrlar va takliflar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi va masʼullarga koʻrsatmalar berildi.