Yangiliklar

15 Oktyabr 2024

Oʻquvchi yoshlarda vatanparvarlik ruhini shakllantirishda Milliy gvardiyaning oʻrni

Bugungi kunda yosh avlodni vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash mamlakatimizdagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada Milliy gvardiya xodimlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilib, yoshlar orasida vatanparvarlik gʻoyasini keng targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu doirada kuni kecha Yangi Namangan tumanida joylashgan 83-sonli maktabda Milliy gvardiya Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari hamda "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari ishtirokida harbiy-vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi. Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlarda vatanparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamlash va ularni harbiy-mafkuraviy jihatdan tayyorlashdir.

Tadbir davomida nafaqat harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv, balki yoshlar uchun qiziqarli dasturlar ham tashkil etildi. Xususan, "Uch avlod" uchrashuvi doirasida faxriylar yoshlarga oʻz hayot tajribalari, vatanga xizmat qilishning sharafi va masʼuliyati haqida hikoya qilib berishdi. Bundan tashqari, harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmasi tashkil etildi, bu esa maktab oʻquvchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Kamondan otish boʻyicha mahorat darslari ham oʻquvchilar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.