Yangiliklar

22 Oktyabr 2025

"ONA TILIM – GʻURURIM, FAXRIM": OʻZBEK TILI BAYRAMIGA BAGʻISHLANGAN ADABIY KECHALAR

Xiva shahridagi Ogahiy ijod maktabida 21 oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Ona tilim – gʻururim, faxrim” mavzusida adabiy-badiiy kecha tashkil etildi. Tadbirda Xorazm viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari, maktab pedagoglari va oʻquvchilari ishtirok etishdi. Kechaning asosiy maqsadi – oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, yosh avlod ongida ona tiliga nisbatan hurmat va gʻurur tuygʻularini mustahkamlashdan iborat boʻldi.

Tadbir davomida oʻquvchilar ona tiliga bagʻishlangan sheʼrlar oʻqidilar, badiiy sahna koʻrinishlari namoyish etilib, tilimizga boʻlgan muhabbat va sadoqat ruhidagi chiqishlar bilan ishtirok etdilar. Mazmunan boy va koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbir mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Yakunda esa faol ishtirok etgan bir guruh ustoz va oʻquvchilar tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy oʻquv markazida ham Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti oʻqituvchilari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi. Tadbir davomida markaz tinglovchilari davlat tilidan kundalik hayotda foydalanishning amaliy namunalarini koʻrib chiqdilar. Ishtirokchilar zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishdi, shuningdek, vakolatli mutaxassislarga savollar berib, ularga toʻliq javob olish imkoniyatiga ega boʻlishdi.