“Oʻqing, oʻrganing va oʻz hayotingizni boyiting” mavzusida xodimlar oʻrtasida kitobxonlik tadbirlari oʻtkazildi
Kitob — inson tafakkurini charxlaydigan eng buyuk manba, jamiyat taraqqiyotining asosi. Shu bois Buxoro viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi xodimlari oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va mustahkamlash maqsadida qator targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Tadbirlar xodimlarning intellektual salohiyatini oshirishga, ularni doimiy oʻzini rivojlantirishga undashga qaratildi.
Tadbirlar davomida turli sohalarga oid eng sara kitoblar taqdim etilib, ularning mazmuni, foydali jihatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Yangi kitoblar taqdimotlari hamda adabiyot, psixologiya, shaxsiy rivojlanish boʻyicha kitoblar atrofida ochiq suhbat va munozaralar tashkil etildi. Xodimlar oʻz fikrlari va taassurotlarini oʻrtoqlashdi.
Ushbu tadbirlarni oʻtkazishdan asosiy maqsad – xodimlarda kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish, ularni oʻz ustida ishlashga, bilimlarini oshirib borishga undash, jamoa ichida fikrlash doirasini kengaytirish, innovatsion gʻoyalarni ilgari surishga zamin yaratish, intellektual muhitni rivojlantirish va sogʻlom raqobatni kuchaytirishdan iborat.