Kitobxonlik – buyuk kelajak kafolati
Milliy gvardiya Namangan shahar "Qoʻriqlash" boʻlimi va "Yangi Oʻzbekiston yoshlar ziyo maskani" klubi aʼzolari bilan hamkorlikda "Kitobxonlik – buyuk kelajak kafolati" mavzusida katta maʼnaviy ahamiyatga ega boʻlgan kitobxonlik tadbiri tashkil etildi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi – xodimlar orasida kitob oʻqish madaniyatini yuksaltirish, ularning maʼnaviy va intellektual salohiyatini oshirish, ong va tafakkurni boyitish, shuningdek, kitob mutolaasiga boʻlgan qiziqishni kuchaytirish orqali milliy badiiy merosimizni avaylab asrash boʻldi.
Tadbir davomida Kitobxonlar klubi aʼzolari tomonidan xodimlarga kitob mutolaasining ahamiyati, uning inson maʼnaviyatiga qoʻshadigan ulkan hissasi haqida atroflicha tushunchalar berildi. Shuningdek, zamonaviy dunyoda axborot texnologiyalari qanchalik rivojlanmasin, kitobxonlik insonning intellektual va maʼnaviy oʻsishida asosiy manba boʻlib qolishi taʼkidlandi.
Xodimlar tadbir davomida oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, shu bilan birga mavzu yuzasidan oʻzlarining fikr va mulohazalarini bildirib, oʻzlarining bilimga boʻlgan qiziqishlari va saviyalarini namoyish etdilar.