QULAY, ISHONCHLI VA ZAMONAVIY: "QO‘RIQLASH" XIZMATIGA MOS VA O‘RINLI TA’RIF
Toshkent shahar “Qo‘riqlash” boshqarmasi mas’ullari poytaxtimizni jinoyatdan holi va xavfsiz shaharga aylantirish, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini ishonchli himoyalash maqsadida xizmat afzalliklarini tadbirkorlarga tushuntirish uchun targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi.
Doimiy tarzda olib borilayotgan tushuntirishlar davomida fuqarolarga, savdo nuqtalari va do‘konlar, maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlarining egalariga zamonaviy "Qo‘riqlash" texnik vositalarining turlari, xizmatdan foydalanishning afzalliklari borasida tushunchalar berildi.
Shuningdek, qo‘riqqa olingan ob’yektlarga o‘rnatiladigan birlamchi vositalar tarkibiga kiradigan uskunalar, ularni o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish tartiblari haqida ham tushuntirdilar.
Asosiysi, tizimga joriy etilayotgan texnik vositalar tunu kun nazoratda bo‘ladigan qo‘riqdagi turli ob’yektlarda huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish bilan birga mol-mulklar egasining ham xotirjamligiga sababchi ekanligi, bugungi kunda salkam 3 mingga yaqin fuqaro o‘z mol-mulkini ushbu xizmatga ishonib topshirganligida ko‘rish mumkinligi alohida e’tirof etildi.
O‘z do‘konlarini “Qo‘riqlash” xizmatiga topshirmoqchi bo‘lgan fuqarolar bilan belgilangan tartibda shartnomalar rasmiylashtirib olindi.