Qoʻriqlash Departamenti va uning hududiy boʻlinmalarida xizmat qilayotgan xodimlar uchun muzeylarga sayohatlar tashkil etilmoqda
Qoʻriqlash Departamenti va uning hududiy boʻlinmalarida xizmat qilayotgan xodimlar uchun muzeylarga sayohatlar tashkil etilmoqda. Xususan, kuni kecha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona, Namangan hamda Qashqadaryo viloyatlari Qoʻriqlash boshqarmalari, shuningdek Toshkent mintaqaviy oʻquv markazi xodimlari tomonidan muzeylarga navbatdagi tashriflar buyurildi.
Madaniy merosimizni asrab-avaylash, tarixiy obidalar va amaliy sanʼat durdonalarini keng jamoatchilik, xususan, yosh avlod orasida targʻib etish maqsadida tashkil etilgan ushbu sayohatlar davomida muzeylarda saqlanayotgan noyob eksponatlar – adib hayoti va ilm-maʼrifat yoʻlidagi izlanishlarini aks ettirgan osori-atiqalar xodimlarda unutilmas taassurot qoldirdi. Muzeyning boʻlimlarida saqlanayotgan madaniy yodgorliklar adib ijod namunalari hamda kitoblari bilan tanishgan xodimlar tarixning jonli koʻzgusiga guvoh boʻlishdi. Shuningdek, milliy anʼanalarimiz va xalq amaliy sanʼatining betakror namunalaridan biri boʻlgan atlas toʻqish sanʼati bilan yaqindan tanishishdi.
Usta ayollar tomonidan ishlangan atlas matolarining rang-barangligi, nafis naqshlari va ularning zamonaviy kiyimlar hamda anʼanaviy liboslardagi qoʻllanishi barchada katta taassurot qoldirdi.
Muzeyga uyushtirilgan bu kabi sayohatlar xodimlarning maʼnaviy dunyo qarashi va intellektual salohiyatini oshirish hamda milliy anʼana va qadriyatlarini oʻrganish, ularni targʻib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishida muhim ahamiyat kasb etadi.