Xodimlar bilan ochiq havoda, tabiat bagʻrida navbatdagi trening mashgʻuloti tashkil etildi
Qoʻriqlash boshqarmalarida faoliyat yurituvchi psixologlar xodimlarning ruhiy salomatligini taʼminlash, ularning ish samaradorligini oshirish, stress va ziddiyatli holatlarning oldini olish, hamda sogʻlom psixologik muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Ular profilaktik suhbatlar, diagnostik testlar, psixokorreksion mashgʻulotlar va treninglar orqali xodimlarning ruhiy holatini tahlil qiladi va zaruriy tavsiyalarni beradi.
Shu kabi faoliyat doirasida, Andijon viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi Psixologik taʼminlash boʻlimi tomonidan xodimlar bilan ochiq havoda, tabiat bagʻrida navbatdagi trening mashgʻuloti tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi – xodimlar oʻrtasida jamoaviy hamkorlikni rivojlantirish, stressni kamaytirish va tabiat orqali yangi motivatsiya berishdan iborat boʻldi.
Tadbir davomida quyidagi mashgʻulotlar oʻtkazildi:
diqqat va tezkorlikni oshiruvchi energiya oʻyinlari;
jamoaviy hamkorlikni mustahkamlovchi mashqlar;
meditatsiya va nafas mashqlari orqali ichki sokinlikni topish;
ijodiy guruh ishlari yordamida yangi gʻoyalarni ochish.
Xodimlar oʻz taassurotlarida trening mashgʻulotlari ularni tetiklashtirgani, jamoaviy birdamlikni kuchaytirgani va tabiat qoʻynida oʻtkazilgani bois yanada samarali boʻlganini taʼkidlashdi.
Bunday psixologik trening mashgʻulotlarini muntazam ravishda oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlib, bu orqali tashkilotda sogʻlom va ijobiy psixologik muhitni shakllantirishga xizmat qilinadi.