Yangiliklar

12 Aprel 2025

"Obod va xavfsiz mahalla" tamoyili doirasida keng koʻlamli profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda

Davlat rahbarining "2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Qarorining ijrosini taʼminlash borasida Bosh prokuratura, Ichki ishlari vazirligi va Qoʻriqlash departamenti xodimlaridan iborat respublika ishchi guruhi tomonidan respublikamizning barcha hududlarda targʻibot-tashviqot ishlari oʻtkazilmoqda.
Bu kabi tadbirlarning navbatdagilari Fargʻona hamda Namangan viloyatlarida boʻlib oʻtdi. Viloyatlardagi Qoʻriqlash boshqarmalari masʼullari tomonidan mahallalar aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan "Obod va xavfsiz mahalla" tamoyili doirasida oʻtkazilgan tadbirlarda xavfsizlikni taʼminlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, mulkiy turdagi jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda mol-mulklarga zarar yetkazish holatlariga chek qoʻyish maqsadida koʻp qavatli fuqarolar yashash xonadonlarining kirish yoʻlaklariga “Tashvishgoh uychalari” oʻrnatish ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari, tadbirlar davomida, aholiga Qoʻriqlash xizmatlaridan foydalanishning afzalliklari, tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarining imkoniyatlari, qoʻriqlash signalizatsiya vositalarining ishlash asoslari malakali mutaxassislar tomonidan tushuntirildi.Yakunda esa oʻz xonadon va obyektlarni qoʻriqqa topshirish istagini bildirgan fuqarolardan belgilangan tartibda arizalar qabul qilindi.