Yangiliklar

25 Iyun 2024

"BIZ SOGʻLOM TURMUSH TARZI TARAFDORIMIZ" SHIORI OSTIDA MAʼNAVIY-MADANIY VA SPORT TADBIRLARI TASHKILLASHTIRILDI

Namangan viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari "Yangi Oʻzbekiston yoshlari ziyo maskani" axborot kutubxona markazi bilan hamkorlikda bolajonlarning yozgi taʼtillarini maroqli oʻtkazish maqsadida Namangan viloyati Kosonsoy tumanida joylashgan "Sohil" bolalar dam olish oromgohiga tashrif buyurishdi.
Tashrif doirasida "Biz sogʻlom turmush tarzi tarafdorimiz" shiori ostida maʼnaviy-madaniy va sport tadbirlari tashkillashtirildi. Bolajonlarni vatanparvarlik ruxida tarbiyalash, ularda ona-Vatanga sadoqat tuygʻularini shakllantirish, harbiy sohaga boʻlgan qiziqishlarini orttirish maqsadida davra suhbati hamda maxsus vositalar va aslahalar namoyishi oʻtkazildi. Xodimlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar dam oluvchi yoshlarga koʻtarinki kayfiyat ulashgan boʻlsa, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan kitob yarmarkasi bolajonlarning kitob mutolaasiga boʻlgan ishtiyoqlari naqadar baland ekanligini koʻrsatib berdi.
Shuningdek, tadbir davomida kamondan otish sport turi boʻyicha mahorat darsi oʻtkazilib tadbir ishtirokchilariga merganlik koʻnikmalari oʻrgatildi. Oʻtkazilgan tadbirlar bolajonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tadbirlar respublikamiz boʻylab davom etmoqda.