Yoʻl harakati qoidalari boʻyicha targʻibot ishlari olib borildi
Milliy gvardiya Buxoro hamda Andijon viloyatlari "Qoʻriqlash" boshqarmalarida IIB YHXB masʼullari hamkorligida targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Tadbirlar avvalida kun mavzusi yuzasidan malakali mutaxassislar tomonidan kerakli maʼlumotlar yetkazilib, yoʻriqnomaga asosan yoʻl harakati qoidalariga kiritilgan oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar boʻyicha tushunchalar berildi.
Mashgʻulotlar ochiq muloqot hamda savol-javob tarzida davom etdi. Unda xodimlar yoʻl belgilariga oid qiziqtirgan savollariga batafsil javob olib, oʻz bilim va koʻnikmalarini yanada mustahkamlashdi.
Shundan soʻng xizmat avtomobillarining kuz-qish mavsumiga tayyorligini tekshirish maqsadida keng koʻlamli tekshiruv ishlari olib borildi. Tekshiruv jarayonida avtomobillarning shina, yoritish tizimi, dvigatel, tormoz qismlari va qoʻshimcha qurilmalari oʻrganildi. Shu bilan birga, xizmat avtomobillarini servis xizmatlariga yuborish jarayoni ham taʼminlandi.
Ushbu chora-tadbirlarning asosiy maqsadi – yoʻllarda har qanday koʻngilsiz holatlarning oldini olishdir.