Yangiliklar

7 Dekabr 2024

Joylarda oʻtayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda

Guliston shahrida joylashgan Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumida Guliston harbiy prokuraturasi va Milliy gvardiya bilan hamkorlikda viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasida xizmat qilayotgan xodimlar hamda ularning oila aʼzolari ishtirokida muammolarini oʻrganish hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida navbatdagi sayyor qabul boʻlib oʻtdi.
Qabulda Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi, tijorat banklari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikga koʻmaklashish markazi va boshqa davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab rahbariyat tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritilib, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yoʻlida olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtildi. Shundan soʻng, xodimlar va ularning oila aʼzolari mutasaddi rahbarlarga oʻz savol va takliflari, kundalik turmushdagi hayotiy ehtiyojlari yuzasidan murojaat yoʻlladi.
Bunday sayyor qabullar fuqarolar muammolarini tez va ijobiy hal boʻlishida katta ahamiyat kasb etadi.