“Toʻmaris izdoshlari” – jasorat va maʼnaviyat musobaqasi
Ichki ishlar organlari tizimida ayollar faolligini oshirish, ularning irodasi, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini mustahkamlash, vatanparvarlik ruhini yanada kuchaytirish maqsadida “Toʻmaris izdoshlari” musobaqasi oʻtkazilib kelinmoqda. "Vatan mehri yuragimda" shiori ostida Surxondaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasida xizmat qilayotgan xotin-qizlar oʻrtasida tashkil etilgan musobaqaning viloyat bosqichi ham yuqori saviyada, koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.
Mazkur musobaqa buyuk ajdodimiz – jasorat timsoli Toʻmaris qahramonligiga munosib izdoshlardan boʻlgan bugungi zamonaviy ayollarimizning iqtidori, bilimi, jismoniy tayyorgarligi va ruhiy bardamligini namoyon etishga xizmat qildi.
Bellashuvda dastlab ishtirokchilar ona yurtga sadoqat, xizmatga fidoyilik va ayollarga xos goʻzallikni oʻzida mujassam etgan sahna chiqishlari orqali oʻzlarini tanishtirgan boʻlsa, navbatdagi shartda ularning kasbiy salohiyati sinovdan oʻtkazildi. Jismoniy va jangovar tayyorgarlik boʻyicha oʻtkazilgan bellashuvda qatnashchilar, 100 metr masofaga yugurish, kamondan otish, pnevmatik quroldan amaliy oʻq otish mashgʻulotlari, qurolni notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish kabi shartlarda bellashib, oʻzlarining qobiliyati, xizmat faoliyatida orttirgan koʻnikmalarini namoyish etdilar. "Orasda beka" shartida esa ularning oʻzbek milliy taomlaridan biri sanalgan osh tayyorlash boʻyicha mahoratlari baholab borildi.
Musobaqa yakunida belgilangan barcha shartlar boʻyicha yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchi respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Shuningdek, tadbirda faol ishtirok etgan xodimalar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Bunday tadbirlar ayol xodimalarning bilim va malakasini oshirish, fidoyi va vatanparvar etib tarbiyalash, ular orasida sogʻlom raqobatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.