“Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostidagi tadbirlar davom etmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganligining 34 yilligi munosabati bilan Qoʻriqlash Departamentining hududiy boʻlinmalari xodimlari oʻrtasida vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimiz va davlat ramzlariga hurmat tuygʻusini mustahkamlash, shuningdek, ularning maʼnaviy savodxonligini oshirish maqsadida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, oʻtkazilgan bu kabi navbatdagi suhbatlar davomida davomida maʼruzachilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi mustaqillik va suverenitet ramzi sifatidagi oʻrni, uning tarixi va har bir fuqaro uchun qay darajada muqaddas timsol ekanligi haqida atroflicha maʼlumot berildi. Shuningdek, davlat ramzlariga oid qonunchilik, ulardan foydalanish madaniyati va bayroqqa hurmat eng avvalo Vatanga boʻlgan sadoqatni anglatish haqida fikr almashildi. Davra suhbati jarayonida xodimlar oʻz mulohazalarini bildirib, davlat ramzlari borasidagi qiziqarli tarixiy va maʼrifiy maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Tadbirga oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan kuy-qoʻshiqlar va vatansevarlik ruhidagi chiqishlar yanada bayramona kayfiyat bagʻishladi.
Suhbat samimiy va koʻtarinki ruhda oʻtdi, ishtirokchilarda milliy gʻurur, birdamlik va fidoyilik tuygʻularini yanada mustahkamladi. Xodimlar esa zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlib, oʻzlarining qiziqtirgan savollariga masʼullar tomonidan javob olishdi.