Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida joylashgan nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Muruvvat” internat uyida mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostidagi bayram tadbiri tashkil etildi
Bayram munosabati bilan Milliy gvardiya Andijon viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda boshqa hamkor idoralar bilan birgalikda viloyatning Qoʻrgʻontepa tumanida joylashgan nogironligi boʻlgan bolalar uchun “Muruvvat” internat uyida “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz” shiori ostidagi bayram tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbir yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning iqtidorlarini namoyon etish, maʼnaviy va moddiy qoʻllab quvvatlash, ularning holidan xabar olish, ehtirom bildirish, koʻnglini koʻtarish, xursandchilik va yuqori kayfiyat, shu bilan birga ularga hamisha eʼzozda ekanliklarini his qilish tuygʻularini baxsh etish maqsadida oʻtkazildi.
Harbiy orkestrning musiqiy guldastasi, Faxriy qorovul va xodimlarning koʻrgazmali chiqishlari tadbirga oʻzgacha shukuh baxsh etib, bolajonlarga xursandchilik bagʻishladi. Bundan tashqari, “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilarining maʼnaviy ruhiy holatini koʻtarishga qaratilgan konsert dasturi ham tashkil etilib, ularning maʼnaviy xordiq chiqarishlariga hissa qoʻshildi. Shuningdek, bolajonlar ham oʻzlari tayyorlagan sahna koʻrinishlarini mehmonlarga havola etishdi. Bayram tadbiri yakunida esa bolajonlarga Milliy gvardiya sovgʻalari topshirildi.