Yangiliklar

23 Aprel 2025

Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Quva tumanida ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi

Bugungi kunda mamlakatimizda oʻsib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni vatanparvarlik, fidoyilik, masʼuliyat hissi bilan tarbiyalash, maʼnaviy va jismoniy jihatdan barkamol insonlar etib voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Shu maqsadda Fargʻona viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi tashabbusi bilan hududlarda turli tarbiyaviy, maʼrifiy va amaliy tadbirlar tizimli ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Kuni kecha Quva tumani Qoʻriqlash boʻlimi binosida tuman Ichki ishlar boʻlimi, Favqulodda vaziyatlar xizmati hamda Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism bilan hamkorlikda tashkil etilgan ochiq eshiklar kuni ham shunday amaliy tashabbuslarning yorqin namunasi boʻldi.
Tadbirda tumandagi 1-sonli umumtaʼlim maktabi yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etishdi. Ushbu tashrif ular uchun nafaqat qiziqarli, balki maʼnaviy jihatdan tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻldi. Oʻquvchilar Qoʻriqlash boʻlimi faoliyati, xizmatda qoʻllaniladigan zamonaviy qurol-aslahalar, maxsus texnikalar va yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.
Tadbir doirasida yoshlarga xodimlarning faxrli kasbi, ularning Vatan himoyasida tutgan oʻrni, yuksak intizom va jangovar ruh haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Oʻquvchilar tashkilotchilar tomonidan tayyorlangan koʻrgazmalarda, texnikalar, maxsus himoya vositalari va qurollar bilan tanishdilar, savollariga javob oldilar.
Shuningdek, turli sohalar mutaxassislari bilan uchrashuvlar ham tashkil etilib, yoshlar uchun motivatsion chiqishlar, yurtga xizmat qilish, jamiyatda faol fuqaro boʻlish, huquqbuzarliklardan yiroq turish va mustaqil hayotga tayyorlanish mavzularida maʼruzalar oʻqildi.
Bunday tadbirlar yoshlarda faxr, gʻurur, yurtparvarlik, kasbga boʻlgan qiziqish va kelajakdagi yoʻlini aniqlashga katta turtki boʻladi.
Qoʻriqlash xizmati va hamkor idoralar tomonidan tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlar — mamlakatimizning tinchligi va yoshlar tarbiyasi uchun amaliy poydevordir.