YOʻL HARAKATI XAVFSIZLIKNI TAʼMINLASH BORASIDAGI TIZIMLI ISHLAR
Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda viloyat Qoʻriqlash boshqarmasi hamkorligida shaxsiy tarkib oʻrtasida profilaktik tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida yoʻl harakati xavfsizligi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan ochiq muloqotlarda yoʻl harakati qoidalariga yaqinda kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, harakat davomida diqqat qaratilishi lozim boʻlgan asosiy jihatlar, yoʻl-transport hodisalariga olib keluvchi omillar va ularni bartaraf etish usullari keng muhokama qilindi. Shuningdek, harakat ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida belgilangan tezlikka rioya qilish, spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda transport boshqarmaslik, texnik nosozlikka ega vositalardan foydalanmaslik hamda hushyorlikni saqlash kabi muhim masalalarga urgʻu berildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarni fikrlashga undaydigan, yoʻl-transport hodisalari oqibatida yuzaga kelgan ogʻir holatlarni aks ettirgan videoroliklar namoyish qilindi. Shuningdek, yigʻilish qatnashchilari tomonidan bildirilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
Bu kabi tadbir Sirdaryo viloyati Qoʻriqlash boshqarmasi Guliston shaharlararo qoʻriqlash boʻlimida xizmat qilayotgan xodimlari ishtirokida ham oʻtkazildi. Unda viloyat IIB JXX YHXB mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga shaxsiy va xizmat avtotransport vositalarini ehtiyotkorlik va xavfsizlik choralariga amal qilgan holda boshqarishlari, avtotransport vositalarini tegishli hujjatlarsiz boshqarmasliklari hamda hozirgi kunda koʻp sodir etilayotgan koʻngilsiz yoʻl transport hodisalari boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi.