Yangi oʻquv yili boshlanishidan oldin taʼlim muassasalarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida uchrashuvlar tashkil etilmoqda
Oldin xabar berganimizdek, bugungi kunda maktablarda xavfsizlikni taʼminlash, maktab qorovullarining bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari bilan hamkorlikda idoraviy qorovullik boʻlinmalari xodimlari ishtirokida tashkil etilgan navbatdagi uchrashuvlar davomida maktab qorovullarining asosiy vazifalari, xizmat intizomiga qatʼiy amal qilish, fuqarolar bilan xushmuomalada boʻlish, xizmatga taalluqli boʻlmagan ishlarga aralashmaslik xususida batafsil toʻxtalib oʻtildi.
Uchrashuv davomida texnik qoʻriqlov signalizatsiya vositalari va maxsus vositalar bilan ishlash tartibi toʻgʻrisida tushunchalar, ishtirokchilar kun mavzusiga doir savollariga javoblar berildi. Shundan soʻng, idoraviy qorovullik boʻlinmalari ishchi xizmatchilariga xizmat faoliyatiga doir uslubiy qoʻllanmalar tarqatildi va xizmat faoliyatida duch kelishi mumkin boʻlgan holatlar yuzasidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.