Yangiliklar

21 Iyul 2024

OROMGOHLARDA VATANPARVARLIK, KOʻNGILOCHAR VA SPORT TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA

Oʻquvchi yoshlarning yozgi taʼtil vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning jismoniy va aqliy salohiyatlarini oshirish, bolajonlarga yaxshi kayfiyat ulashish maqsadida respublikamiz boʻylab bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida harbiy-vatanparvarlik, sport hamda koʻngilochar tadbirlari davom etmoqda.
Jumladan, kuni kecha bu kabi tadbirlar Milliy gvardiya Jizzax mintaqaviy oʻquv markazi xodimlari tomonidan Zomin tumanida joylashgan “Zomin” sogʻlomlashtirish oromgohida “Yoz oʻtmoqda soz” shiori ostida tashkil etildi. Kun boʻyi davom etgan tadbirlarga sogʻlomlashtirish oromgohidagi barcha dam oluvchi bolajonlar jalb etildi. Ushbu kun barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya tomonidan Namangan viloyatining Pop tumanidagi “Binafsha” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi, shuningdek, Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi "Kamalak" sogʻlomlashtirish oromgohida yuqorida aytib oʻtilgan tadbirlar oʻtkazildi.
Harbiy xizmatchi va xodimlar tomonidan chiroyli koʻrgazmali va musiqiy chiqishlari taqdim etilib, zamonaviy harbiy qurol-aslaha koʻrgazmalari namoyish etilib, kamondan otish, futbol, shaxmat, stol tennisi turlari boʻyicha mahorat darslari oʻtkazilmoqda.
Harbiy orkestr ijrosidagi musiqiy namoyishlar esa tadbirlarga yanada koʻtarinki ruh bagʻishlamoqda.