Yangiliklar

26 Dekabr 2024

Vatanparvarlik tadbirlari oʻgʻil-qizlarga quvonch bagʻishladi

Bugungi kunda yoshlar xar jabhalarda oʻzlarining oldiga qoʻygan maqsadlari tomon shijoat va jasorat bilan harakat qilib kelmoqdalar. Yosh avlod orasida Vatanga sadoqat, jasorat va harbiy malaka kabi tushunchalarni targʻib qilish, ularning maʼnaviy-axloqiy dunyoqarashini boyitish maqsadida Milliy gvardiya va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida hududlarda harbiy-vatanparvarlik, sport hamda koʻngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, kuni kecha Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari "Qoʻriqlash" boshqarmalari tomonidan maktab oʻquvchilari uchun "Yoshlar – milliy armiyamiz nigohida" shiori ostida ochiq eshiklar kuni tadbirlari va vatanparvarlik festivallari oʻtkazildi.
Tadbirlar davomida yoshlar bilan davra suhbatlari ham tashkil etildi. Suhbatlarda soha vakillari yoshlarga ushbu sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar boʻyicha batafsil maʼlumotlar berib oʻtdilar. Shundan soʻng "Qoʻriqlash" boshqarmalarida xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ajdodlarimiz hayot va ijodlarini oʻrganish uchun tashkil etilgan Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur xonalari, xodimlar jismoniy va jangovar tayyorgarliklarini oshirib borish uchun tashkil etilgan trenajyor zallari, merganlik mahoratlarini oshirish uchun tashkil etilgan oʻq otish xonalari, psixolog xonalari bilan ham yaqindan tanishdilar.
Shundan soʻng Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xizmat vaqtida foydalaniladigan anjom–aslahalar koʻrgazmalari boʻlib oʻtdi. Turli sport musobaqalari oʻtkazilib, yoshlarning qobiliyati va jismoniy imkoniyatlari sinovdan oʻtkazildi. Tadbir doirasida harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari, faxriy qorovul hamda qoʻl jangi ustalarining koʻrgazmali chiqishlari yoshlar qalbiga olam-olam quvonch baxsh etdi.
Yakunda esa sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan hamda faol ishtirok etgan bir guruh oʻgʻil-qizlarga faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirildi.