Vatanparvarlik tadbirlari mahalla yoshlarini ezgu maqsad sari birlashtirdi
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbirlari oʻtkazilmoqda. Jumladan, bu kabi tadbir kuni kecha Namangan shahar Davlatobod tumanidagi Prezident maktabida Milliy gvardiya Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi tomonidan tashkil etildi.
Ushbu tadbir oʻquvchi yoshlarda harbiy jihozlar va texnikalar bilan tanishish imkoniyati sohaga boʻlgan qiziqish va ishtiyoqini kuchaytirdi. Tadbir davomida kamondan otish sport turi boʻyicha musobaqalar tashkil etildi. Mazkur musobaqalarda ishtirok etgan oʻquvchilar oʻz merganlik mahorati va jismoniy imkoniyatlarini namoyon etish imkoniyatiga ega boʻldilar. Har bir ishtirokchi oʻzining puxtaligi va mahorat darajasi bilan muxlislarni hayratda qoldirdi.
Harbiy-vatanparvarlik tadbirlarining navbatdagisi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Istiqbol mahallasida oʻtkazilgan boʻlib, unda harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari, qurol aslahalar koʻrgazmasi hamda turli sport oʻyinlari uyushtirilib, yoshlarning mahorati va jismoniy imkoniyatlari sinovdan oʻtkazildi.
Taʼkidlash joizki, ishtirokchilarning qiziqishi va tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilgani barchada chuqur taassurot qoldirdi.