MAMLAKATIMIZNING BARCHA HUDUDLARIDA TURLI VATANPARVARLIK TADBIRLARI OʻTKAZIB KELINMOQDA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida turli vatanparvarlik tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.
Jumladan, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali talaba yoshlari, shuningdek maktab oʻquvchilari hamda uyushmagan yoshlar ishtirokida Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi Yangiyer shaharlararo "Qoʻriqlash" boʻlimida Mudofaaga koʻmaklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti Yangiyer shahar boʻlimi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi bilan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Tadbir davomida yoshlar bilan davra suhbati oʻtkazilib, soha vakillari yoshlarga ushbu sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar boʻyicha batafsil maʼlumotlar berib oʻtdilar.
Shundan soʻng "Qoʻriqlash" boʻlimida xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ushbu boʻlimdagi ajdodlarimiz hayot va ijodlarini oʻrganish uchun tashkil etilgan Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur xonalari, xodimlar jismoniy va jangovar tayyorgarliklarini oshirib borish uchun tashkil etilgan trenajyor zali, merganlik mahoratlarini oshirish uchun tashkil etilgan oʻq otish xonasi, psixolog xonalari bilan ham yaqindan tanishdilar.
Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xizmat vaqtida foydalaniladigan anjom-aslahalar namoyishlari hamda xizmat itining qiziqarli chiqishlar namoyish etildi. Tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi va "Vatanparvar" tashkiloti xodimlari tomonidan esa yongin qutqaruv amaliyotida foydalaniladigan maxsus vositalari, avtomobillar koʻrgazmasi oʻtkazildi.
Tadbir soʻngida oʻquvchi yoshlar uchun sportning kamondan otish turi boʻyicha mahorat darsi ham oʻtkazildi.
Shuningdek, Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda Mudofaa ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialida bu kabi vatanparvarlik tadbiri ham tashkil etildi. Dastlab harbiy orkestr sadolari ostida mamlakatimiz madhiyasi ijro etildi. Tadbirning bayramona ruhda oʻtgan amaliy qismida talabalarga xodimlar tomonidan tayyorlangan harbiy chiqishlar, mashgʻulotlardan namunalar hamda maxsus himoya vositalari, texnikalar koʻrgazmasi taqdim etildi.
Uyushtirilgan tadbir yoshlarimizda armiyamiz kuch qudratini toʻlaqonli anglashi, u bilan faxrlanish hamda yuksak vatanparvarlik hissini uygʻotdi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Milliy gvardiya Toshkent shahri boʻyicha boshqarmasi, Toshkent shahar "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda Harbiy prokuraturasi hamkorligida poytaxtimizning Chilonzor tumanida ham ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Soʻz olganlar yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor davlat siyosati darajasiga koʻtarilganligi, koʻzlangan maqsad esa, ularning bilimli, barkamol boʻlib ulgʻayishlarida ularga koʻmaklashishdan iborat ekanligi xususida toʻxtalib oʻtildi. Shundan soʻng "Gʻalaba bogʻi" hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyiga sayohatlar tashkil etildi.
Dastlab yoshlar xalqimizning II jahon urushida koʻrsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan "Gʻalaba bogʻi" yodgorlik majmuasi bilan yaqindan tanishishdi. Ota-bobolarimizning koʻrsatgan jasoratlari, bagʻri keng xalqimizning gʻalabaga qoʻshgan hissasi hamda oʻsha davr tarixiga oid qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyiga uyushtirilgan ekskursiya davomida yoshlarga Amir Temur siymosi, harbiy yurishlari, jangovar harakatlari kengroq tushuntirildi. Temuriylar davridagi qurol-aslahalar, nishonlar va boshqa eksponatlari bilan yaqindan tanishishdi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda harbiy kasbga qiziqtirish maqsadida uyushtirilgan bu kabi tadbirlar yoshlar qalbida ajdodlarga hurmat va vatanparvarlik tuygʻulari yanada shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu tadbirlarning navbatdagisi Toshkent viloyati Nurafshon shahrida joylashgan Prezident maktabida ham Milliy gvardiya Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat "Qoʻriqlash" boshqarmasi hamda Yoshlar ittifoqi hamkorligida madaniy-maʼrifiy tadbir. Tadbirda Prezident maktabi oʻquvchilari uchun Toshkent viloyati "Yosh Temurbeklar" harbiy-sport nodavlat taʼlim muassasasi oʻquvchilari tomonidan koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Tadbir davomida oʻquvchilar uchun sportning kamondan otish va ot sporti turlaridan mahorat darslari oʻtildi.
Ushbu tadbirlarning navbatdagisi Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida joylashgan Prezident maktabida viloyat Yoshlar ittifoqi bilan hamkorligida boʻlib oʻtdi. Madaniy-maʼrifiy tadbirda oʻquvchilar uchun Toshkent viloyati "Yosh Temurbeklar" harbiy-sport nodavlat taʼlim muassasasi oʻquvchilari tomonidan koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Shundan soʻng viloyatning Ohangaron tumanida Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi bilan hamkorligida boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida yoshlarga Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Yoshlar uchun sportning kamondan otish turi boʻyicha mahorat darslari, sportning voleybol, shaxmat, tosh koʻtarish va arqon tortish turlari boʻyicha jamoalar oʻrtasida musobaqalar oʻtkazildi. Musobaqa gʻoliblari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar.