Yangiliklar

19 Mart 2024

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashabbusi bilan Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorligida "Yangi Oʻzbekistonning matonatli ayollari" I xalqaro forumi boʻlib oʻtdi

Xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab quvvatlash, ularning jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolliklarini oshirish, oliy maʼlumotli ayollar safini kengaytirish, ilmiy faoliyatga va tadbirkorlikka jalb etish hamda ularning bandligini taʼminlash, kelajak avlod va farzand tarbiyasida, oilada sogʻlom maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishda ayollarning oʻrni muhimligi hamda ularning tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida Milliy gvardiya Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Milliy gvardiya Oila va xotin qizlar qoʻmitasi hamkorligida "Yangi Oʻzbekistonning matonatli ayollari" I xalqaro forumi boʻlib oʻtdi.
Forumda Ispaniya, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Turkiya singari 12 ta xorijiy davlatlar hamda Oʻzbekiston Respublikasining 30 dan ortiq vazirlik, idora va birlashmalarining ekspertlari, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Spikerlar mamlakatimizdagi gender tengligidagi milliy xarakter, xotin-qizlarning davlat siyosatida, harbiy sohadagi muhim oʻrni, milliy qadriyatlarimizdagi asosiy roli, taʼlimda ayollar, “Kuchli ayol, kecha va bugun”, Turon malikalarining davlat boshqaruvidagi oʻrni, Yangi taraqqiyot davrida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish va boshqa bir qator dolzarb mavzular haqida soʻz olishdi.
Taʼkidlash joizki ayol – bu ona, tarbiyachi, ustoz, shifokor, rahbar, tadbirkor, matonat timsoli, vatan himoyachisi, mamlakatimiz uchinchi Renessansi asosiy ustunidir.
Tadbir doirasida Oʻzbek ayoli milliy kiyimlar koʻrgazmasi, faxriy qorovul, harbiylarning koʻrgazmali chiqishi, Milliy gvardiya ansamblining xushovoz xonandalarining musiqiy guldastasi ham taqdim qilindi.
Forum soʻngida ishtirokchilarga Milliy gvardiya qoʻmondonligi tomonidan sertifikatlar, tashakkurnomalar hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.