Yangiliklar

4 May 2024

QADIMIY VA HAMISHA NAVQIRON SHAHARLARGA SAYOHAT TASHKIL ETILDI

Milliy gvardiya harbiy-xizmatchi va xodimlarini mavjud tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishtirish hamda ularning dam olish kunlarini maroqli oʻtkazishlarini taʼminlash maqsadida keng qamrovli ishlar muntazam ravishda olib borilmoqda.
Jumladan, kuni kecha "Qoʻriqlash" bosh boshqarmasi hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda tizimda xizmat olib borayotgan xodimalar uchun muborak qadamjolarga ziyorat tashkillashtirildi.
Mazkur sayohat davomida xodimalar oʻzining boy tarixiy va madaniy merosiga ega boʻlgan, qadimiy va hamisha navqiron boʻlmish koʻhna Samarqand shahriga tashrif buyurishdi.
Bilamizki, Samarqand qadimdan oʻzining betakror goʻzalligi, ajoyib ob-havosi, shirin suvi va mazali nonlari bilan dunyoga mashhur shahar boʻlgan. Oradan qancha asrlar oʻtsa hamki mazkur shahar hali hanuz odamlarni oʻziga ohangrabodek jalb qilib kelmoqda. Tashrif davomida xodimalar navqiron Samarqandning qadimiy tarixi va mustaqillik yillarida barpo etilgan bunyodkorlik majmualari toʻgʻrisida katta taassurotlarga ega boʻldilar.
Sayohatning navbatdagi manzili Buxoro shahri boʻlib, Bahouddin Naqshbandiy ziyoratgohi, Sitorai Mohi Xosa, Ark saroyi, Minorai Kalon masjidi, Mir Arab madrasasi hamda Labi hovuz qadimiy qadamjolarini ziyorat qilindi.
Ushbu sayohat davomida xodimalar tarixiy qadamjolar haqida maʼlumot olish bilan birga madaniy hordiq ham olishib bir olam taassurotlar bilan qaytishdi.