"OCHIQ ESHIKLAR KUNI" TADBIRLARI TASHKIL ETILMOQDA
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Milliy gvardiya xodimlari tomonidan "Ochiq eshiklar kuni" tadbirlari tashkil etildi. Tadbirlarda otaliqqa olingan yoshlar hamda maktab oʻquvchilari ishtirok etishdi.
Milliy gvardiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mintaqaviy oʻquv markazi, Xorazm va Jizzax viloyatlari "Qoʻriqlash" boshqarmalarida boʻlib oʻtgan "Ochiq eshiklar kuni" tadbirlari doirasida kamondan otish, qurol-aslahalar va harbiy texnikalar koʻrgazmasi hamda tezkor harakatlanuvchi guruh xodimlarining faoliyati va maxsus vositalari, shuningdek harbiy xizmatchilarning jangovar va kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlari va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻquv nuqtalari tashkil etilib, oʻquvchi yoshlarga mazkur yoʻnalishlar boʻyicha tushunchalar berildi.
Erkin muloqotlar doirasida esa oʻquvchilar soha faoliyatiga doir oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Tadbirlar davomida oʻquvchilar qurol-aslahalarni shaxsan tanishib koʻrishlari asnosida, ular bilan bajariladigan mashqlarni amalda qoʻllab koʻrishdi. Ayniqsa, kamondan otish sport turi boʻyicha yoshlarning merganlik mahoratlari sinovdan oʻtkazildi va bu sport turi ishtirokchilariga oʻzgacha kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, oʻgʻil qizlar stol tennis, rassomchilik hamda sportning shaxmat-shashka turlari boʻyicha xam qiziqarli bellashuvlarda ishtirok etishdi. Oʻtkazilgan kun yoshlar uchun bir olam taʼsirotlarga boy tarzda oʻtdi.