Umumiy va yakka suhbat uchrashuvi tashkil etildi
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va "Qoʻriqlash" boshqarmasi xodimlari hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, mavjud muammolarini oʻrganish maqsadida umumiy va yakka suhbat uchrashuvi tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi masʼullari tomonidan tashkil etilgan tadbirlarda, dastlab, oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasiga eʼtibor qaratish, shukronalik hissi bilan yashash, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini oshirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan soʻz yuritilib, fikr-mulohazalar bildirildi. Shundan soʻng, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot qilinib, ularning mavjud muammolari, takliflari tinglandi. Koʻtarilgan ayrim masalalar joyida ijobiy hal etilgan boʻlsa, ayrim muddat talab etiladigan murojaatlar tegishliligi boʻyicha masʼullar tomonidan nazoratga olindi.
Shuningdek, ushbu tadbirda ishtirok etgan mutaxassislar tomonidan oilaviy muammolar va stress holatlari boʻyicha maslahatlar berildi. Uchrashuv davomida, harbiy xizmatchilar, xodimlar va ularning oilalari oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Bundan tashqari, ularning sogʻligini tekshirish maqsadida boshqarma tomonidan birlamchi tibbiy koʻrik oʻtkazildi. Koʻrik natijalariga muvofiq, tegishli tartibda tibbiy yoʻllanmalar berildi, bu esa xodimlar va ularning oila aʼzolarining sogʻligʻini yaxshilashga yordam beradi.