YOSH XODIMLAR UCHUN TRENINGLAR TASHKIL ETILDI
Milliy gvardiya xodimlarining kasbiy faoliyatida shaxsning jamoaga, xizmat va oddiy hayot tarzidan farq qiluvchi qatʼiy kun tartibi va shaxslararo munosabatlarga kirishish va moslashish alohida oʻrin tutadi.
Fargʻona viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasi psixolog xodimlari tomonidan Fargʻona shahar "Qoʻriqlash" boʻlimida xizmat olib borayotgan yosh xodimlari ishtirokida navbatdagi psixologik trening tashkil etildi. Ushbu treningda asosiy eʼtibor xodimlarning eslab qolish qobiliyatlarini mustahkamlash, oson va samarali muomalaga kirish usullari, shaxsiy tarkibning ruhiy barqarorligini mustahkamlash, hamda ulardagi turli ruhiy zoʻriqishlarning oldini olishga qaratildi. Shuningdek, xodimlarning tafakkur jarayoni psixodiagnostikadan oʻtkazilib, ular bilan tafakkur mashqlari va qiziqarli psixologik oʻyinlar tashkil etildi.
Yosh xodimlarining kasbiy malaka va koʻnikmalarini rivojlantirishning psixologik jihatlarini psixokorreksion mashgʻulotlar orqali ochib berish hamda kelgusida uchrashi mumkin boʻlgan har xil psixologik toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan trening mashgʻulotlari xodimlarga ularning hayoti va faoliyatida, oilasida, doʻstlari davrasida yuzaga keladigan qiyinchiliklar va ziddiyatlarning mohiyatini tahlil qilish va hal etish, oʻz oldiga yangi maqsadlarni qoʻyish va mustaqil qarorlar qabul qilishda muayyan yordam koʻrsatishdan iborat ekanligini koʻrishimiz mumkin.