"Suitsidal holatlarning belgilari va ularni bartaraf etish usullari" mavzusida maʼruza mashgʻuloti, davra suhbati hamda psixologik trening tashkil etildi
Milliy gvardiya xodimlarining kasbiy faoliyatida shaxsning jamoaga, xizmat va oddiy hayot tarzidan farq qiluvchi qatʼiy kun tartibi va shaxslararo munosabatlarga kirishish va moslashish alohida oʻrin tutadi.
Fargʻona Davlat universiteti oʻqituvchilari hamda psixolog xodimlari tomonidan Fargʻona viloyati "Qoʻriqlash" boshqarmasida xizmat olib borayotgan xodimlar ishtirokida "Suitsidal holatlarning belgilari va ularni bartaraf etish usullari" mavzusida maʼruza mashgʻuloti, davra suhbati hamda psixologik trening tashkil etildi.
Ushbu treningda asosiy eʼtibor xodimlarning suitsidal holatlarga tushib qolmasliklari, shaxsiy tarkibning ruhiy barqarorligini mustahkamlash, hamda ulardagi turli ruhiy zoʻriqishlarning oldini olishga qaratildi.
Xodimlarining kasbiy malaka va koʻnikmalarini rivojlantirishning psixologik jihatlarini psixokorreksion mashgʻulotlar orqali ochib berish hamda kelgusida uchrashi mumkin boʻlgan har xil psixologik toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan trening mashgʻulotlari xodimlarga ularning hayoti va faoliyatida, oilasida, doʻstlari davrasida yuzaga keladigan qiyinchiliklar va ziddiyatlarning mohiyatini tahlil qilish va hal etish, oʻz oldiga yangi maqsadlarni qoʻyish va mustaqil qarorlar qabul qilishda muayyan yordam koʻrsatishdan iborat ekanligini koʻrishimiz mumkin.