"Otam, onam va men – sportchilar oilasi" shiori ostida sport musobaqasi oʻtkazildi
"Dinamo" jismoniy tarbiya va sport jamiyati Samarqand viloyati Kengashi tomonidan "Otam, onam va men – sportchilar oilasi" shiori ostida "Quvnoq startlar" musobaqasi oʻtkazildi.
Musobaqaga Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi, "Qoʻriqlash" boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar boshqarmasi tizimida xizmat qilayotgan xodimlar va ularning oila aʼzolari ishtirok etishdi.
Jamoalar bellashuv shartlari bilan tanishtirilgandan soʻng, musobaqaga start berildi. Dastlab, oilaviy jamoalar oʻrtasida arqon tortish boʻyicha bellashuv boʻlib oʻtdi. Shundan keyin bosqichma-bosqich farzandlar uchun 5 metr masofadan toʻpni savatga tushirish, otalar uchun tosh koʻtarish hamda ota-ona va bolalar ishtirokida 30 metr masofada belgilangan quvnoq startlar musobaqalarini bajarish boʻyicha bahslar amalga oshirildi. Musobaqa hakamlar hayʼati tomonidan adolatli baholanib borildi.
Qiziqarli bellashuvlarga boy boʻlgan musobaqa natijasiga koʻra: 3 oʻrinni ikki oila, yaʼni Milliy gvardiya Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasidan Anorovlar oilasi va Ichki ishlar boshqarmasidan Qoʻchqorovlar oilasi, 2 oʻrinni Davlat xavfsizlik xizmatidan Eshonqulovlar oilasi qoʻlga kiritgan boʻlsa, Ichki ishlar boshqarmasining Ziyodullayevlar oilasi 1 oʻrinni egallab, musobaqaning mutlaq gʻolibi deb topildi.
Musobaqa yakunida gʻolib va faol jamoalar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.