Yangiliklar

1 Fevral 2024

“Qoʻriqlash” bosh boshqarmasining Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qoʻriqlash boʻyicha alohida bataloni shaxsiy tarkibi hamda ularning oila aʼzolari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida “Qoʻriqlash” bosh boshqarmasi rahbariyati soʻzga chiqib, kun tartibidagi masalani chuqur tahlil qildi va kelgusida xizmat intizomini yanada mustahkamlash borasida xodimlarga zarur tavsiyalar berdi. Shundan soʻng sohada qonuniylikni mustahkamlash boʻyicha qilinayotgan ishlar hamda yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar toʻgʻrisida fikr yuritdi. Bundan tashqari, yosh xodimlarni tarbiyalash, shaxsiy tarkib oʻrtasida oʻzaro ahillik va hamjihatlikni, ijro intizomini mustahkamlash muhimligi taʼkidlanib, xodimlar hamda ularning oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida aytib oʻtildi.
Shuningdek, xodimlar tomonidan tamagirlik, poraxoʻrlik, xizmat vazifasini suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq illatlarga yoʻl qoʻymaslik, bunday holatlar yuz berganda qatʼiy choralar haqida ogohlantirdi.
Yigʻilish davomida, xodimlarning ota-onalari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldi.
Muxtasar aytganda, bu kabi uchrashuvlar xodimlarning xizmatga boʻlgan masʼuliyati oshishiga, tizimda sogʻlom muhitni shakllanishida va eng muhimi ularda yurtga daxldorlik tuygʻularini shakllantirishga xizmat qiladi.