RESPUBLIKA BOLALAR KUTUBXONASIGA SAYOHAT UYUSHTIRILDI
Respublika bolalar kutubxonasi Toshkent shahri markazidagi zamonaviy va koʻp tarmoqli jamoat maskani hisoblanadi. Shu boisdan ham yozgi taʼtil kunlarini bolajonlar mazmunli va maroqli oʻtkazishini taʼminlash maqsadida ilk marotaba Milliy gvardiya xodimlari va ularning oila aʼzolari ishtirokida ushbu ziyo maskaniga sayohat uyushtirildi.
Ekskursiya davomida bolalar va yoshlarning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarib, yanada kamol toptirish uchun zarur boʻlgan barcha qulayliklar yaratilganligiga guvoh boʻlishdi. Respublika bolalar kutubxonasida 3 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan yosh toifalariga asosiy eʼtibor qaratilgan boʻlib, bu yerda, u yerda kattalar uchun bir-biridan qiziqarli turli xildagi adabiyotlarni uchratish mumkin.
Kutubxona bilan tanishish jarayonida Milliy gvardiya xodimlari asosiy eʼtiborni farzandlarining qiziqishlariga qaratishdi. Ular bilan birga farzandlariga yoqqan kitoblar bilan tanishish va mutolaa qilish imkoniga ega boʻlishdi. Xodimlar kutubxonadan unumli foydalanish maqsadida roʻyxatdan ham oʻtishdi. Endi ular sevimli asarlarini 10 kun muddatga qadar uyiga olib borib, oila davrasida mutolaa qilishlari mumkin boʻladi.
Xalqimiz azaldan ilm-maʼrifatga intilgan, kitob oʻqishga qattiq muhabbat qoʻygan. Respublika bolalar kutubxonasiga uyushtirilgan sayohatdan asosiy maqsad ham ana shu anʼanalarni farzandlarimizga yetkazish hamda xodimlar orasida kitobxonlikni yanada oshirish, sohaga oid yangidan yangi asarlar bilan tanishishlariga xizmat qiladi.