HARBIY XIZMATCHI VA XODIMLAR HAMDA ULARNING OILA A’ZOLARI UCHUN NAVBATDAGI UCHRASHUV O‘TKAZILDI
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokuraturasi, Toshkent harbiy sudi va Milliy gvardiya mutasaddi rahbarlari, poytaxtimizda xizmat qilib kelayotgan harbiy xizmatchi va xodimlar, shuningdek ularning oila a’zolari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida mutasaddilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi yodga olinib “Biz Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz tinchligini ta’minlashning ishonchli kafolati bo‘lgan Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirishga, harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun yanada munosib sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratamiz” degan so‘zlarining mazmun-mohiyati keng yoritib berildi.
Shuningdek, ayollarimiz zimmasida xizmat sohasidagi vazifasidan tashqari, farzandlar tarbiyasi, oilada sog‘lom muhitni mustahkamlash, ma’naviy-tarbiyaviy an’analarni davom ettirishdek murakkab vazifalar ham borligi ta’kidlanib, mehribon opa-singillarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida tashrif buyurganlar hamda mahalliy aholi uchun sayyor qabullar tashkillashtirildi. Mazkur sayyor qabulda xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari, harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari murojaatiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida o‘qish mobaynida farzandlik bo‘lganliklari bilan bog‘liq ijtimoiy masalalari o‘z yechimini topdi.
Ushbu sayyor qabulda Markazga yaqin mahalliy aholi ham tashrif buyurib savollari yuzasidan huquqiy maslahatlar va ularning oson yechimi doirasidagi yo‘nalishlarni aniqlab olish imkoniga ega bo‘lishdi. Tashrif buyurganlarga Ma’naviyat va ma’rifat markazida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan turli sport turlari, til o‘rganish va kasbga yo‘naltirish bilan bog‘liq to‘garaklar bilan tanishtirildi.